Avval maʼlum qilinganidek, tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davaktiv agentligi tomonidan “Abrau Capital” konsalting kompaniyasini xususiylashtirish boʻyicha konsultant sifatida jalb qilgan holda “Uzinjiniring” respublika loyiha instituti” MChJ (keyingi oʻrinlarda - Korxona) ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini sotish boʻyicha ochiq savdo jarayonlari boshlangan.
Xususiylashtirish jarayoni doirasida, Konsultant tomonidan keng qamrovli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan, investitsiya tizerlari salohiyatli investorlarga yuborildi. Natijada, 3 nafar xalqaro va mahalliy investorlar tomonidan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar (Expression of Interest) Konsultantga kelib tushdi.
Shu oʻrinda, Konsultant tomonidan mazkur bosqichda avvaldan belgilangan mezonlarga muvofiqligi boʻyicha oʻrganilgan hamda barcha talabgorlar xususiylashtirish jarayonining keyingi – Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO)ni taqdim etish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilindi.
Ushbu bosqichda, talabgorlar bilan Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA) imzolanib, Konsultant tomonidan tayyorlangan Korxonaning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahlil (due diligence) hisobotlari joylashtirilgan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish va Korxonaning boshqaruv organi bilan uchrashish imkoniyati yaratildi.
Belgilangan muddatlarda 2 nafar talabgor tomonidan Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) taqdim qilindi.
Natijada, Korxonani sotib olish uchun eng yuqori narx taklifini bildirgan “Smart Fast Stroy” MChJ 80 mlrd.soʻm miqdorida sotib olish toʻlovini toʻlash sharti bilan savdo gʻolibi deb topildi.
Shuningdek, Xaridorning taklifi Konsultant tomonidan hisoblangan Korxonaning indikativ narxlar oraligʻida joylashgan hamda Korxonaning baholangan qiymatidan yuqori.
Korxonani xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.