Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda “Milliy banklararo protsessing markazi” AJdagi 100 foiz davlat ulushini xususiylashtirish jarayoni boʻyicha notoʻgʻri talqin qilish kabi fikrlarga javoban quyidagilarni maʼlum qilamiz.
Oʻzbekistonda xususiylashtirish jarayoni qatʼiy ravishda “Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni (keyingi oʻrinlarda – Xususiylashtirish Qonuni, OʻRQ-907, 14.02.2024y.)ga muvofiq amalga oshiriladi.
Xususiylashtirish Qonunining:
- 4-bob “Davlat mulkini xususiylashtirish usullari” 19-moddasiga asosan Davlat mulkini xususiylashtirish usullaridan biri bu – muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish hisoblanadi;
- 22-moddasida muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish yoʻli bilan davlat mulkini xususiylashtirish tartibi va bu toʻgʻrisidagi xabarnoma ushbu Qonunning 35-moddasiga muvofiq eʼlon qilinishi belgilangan;
- 35-modda “Davlat mulkini xususiylashtirishda ochiqlik” tartibiga koʻra, Davlat mulkini xususiylashtirish va uning natijalari toʻgʻrisidagi axborot vakolatli davlat organi – Davlat aktivlarini boshqarish agentligining, jalb qilingan savdolar tashkilotchisining hamda investitsiya vositachisining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinishi aks ettirilgan.
Ushbudan kelib chiqib, tarmoqlarda “Milliy banklararo protsessing markazi” AJning xususiylashtirish jarayoni boshlanganligi toʻgʻrisidagi eʼlon Davaktiv agentligining rasmiy veb-saytiga (https://davaktiv.uz/uz/news/millij-banklararo-protsessing-markazi-azhning-ustav-kapitalidagi-davlat-ulushini-sotish-zharaeni-boshlanganligi-trisida-elon1) joylashtirilgan va ochiqlik tamoyili taʼminlangan.
Taʼkidlash joizki, Xususiylashtirishning ushbu usulida “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MChJ ustav kapitalidagi 57,118% davlat ulushi 252,3 mln AQSh dollariga, “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasining balansda saqlovchisi “Poytaxt qurilish va xizmat” MChJning ustav kapitalidagi 100% davlat ulushi 87,0 mln AQSh dollarga hamda “Fargʻonaazot” AJ ustav kapitalidagi 99,02% davlat ulushi 140 mln AQSh dollar sotib olish toʻlovi va 100 mln AQSh dollari miqdoridagi investitsiya kiritish sharti bilan sotilgan bitimlarda ham qoʻllanilgan xalqaro tan olingan ochiq savdo usuli hisoblanadi.
Oʻz oʻrnida, joriy yil 14-may kuni “Daryo.uz” nashriga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A. Ortikovning intervyusida “Humo” ochiq savdolarga olib chiqilishi taʼkidlangan.
Ushbu prinsipga qatʼiy amal qilinib, “Milliy banklararo protsessing markazi” AJni sotish jarayoni barcha uchun ochiq boʻlgan muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish usuli asosida tashkil etilishi toʻgʻrisida Davaktiv agentligining rasmiy veb-sahifasida ochiq eʼlon berildi.
Taʼkidlash joizki, faqatgina joriy yilni oʻzida 10 dan ortiq yirik davlat aktivlari boʻyicha ushbu usulda, yaʼni barcha uchun ochiq boʻlgan muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish asosida savdosi tashkil etilganligi toʻgʻrisida eʼlonlar berilgani holda, faqatgina “Milliy banklararo protsessing markazi” AJdagi davlat ulushini sotish jarayoni yuzasidan bildirilgan fikrlar, ularning xolisligini katta shubha ostiga qoʻymoqda.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda davlat organini obroʻsizlantirish, shuningdek tekshirilmagan va tasdiqlanmagan maʼlumotlarni joylashtirishdan qatʼiy saqlanish hamda bu kabi maʼlumotlar asosida yolgʻon axborot tarqatganlik uchun berilgan murojaat asosida Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 2022-moddasida hamda Jinoyat Kodeksining 2446-moddasida nazarda tutilgan javobgarlikka olib kelishi mumkinligi toʻgʻrisida ogohlantiramiz.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda maʼlumotlarni tarqatishdan oldin, ularning asosliligini va ishonchliligini oʻrgangandan soʻng joylashtirish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Davaktiv agentligi “Milliy banklararo protsessing markazi” AJdagi davlat ulushini ochiq savdolarda xususiylashtirish jarayonining har bir bosqichi toʻgʻrisida ommaga axborot berib borilishini taʼminlaydi.