Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

22 Iyul 2024

“ToshuyjoyLITI” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushini sotish jarayoni boshlandi

Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda – Davaktiv agentligi) “ToshuyjoyLITI” AJ ustav kapitalidagi 61,6 foiz davlat ulushini (keyingi oʻrinlarda – Aktiv/Jamiyat) xususiylashtirishning muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish usuli asosida savdo jarayonlari boshlanganligini eʼlon qiladi.

Avval xabar berilganidek mazkur xususiylashtirish jarayonlari “Abrau Capital“ kompaniyasi  (keyingi oʻrinlarda – Konsultant) tomonidan Xususiylashtirish bo‘yicha maslahatchi sifatida olib borilmoqda.

Aktiv toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot:

“ToshuyjoyLITI” AJ:

  • Institut qurilishda meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish, fuqarolik inshootlarining seysmik chidamliligi, fuqarolik inshootlarining namunaviy loyihalarini ishlab chiqish;
  • turli maqsadlardagi bino va inshootlarni, muhandislik tarmoqlarini, shuningdek, avtomobil yoʻllari va yoʻl infratuzilmasini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish;
  • binolar va inshootlarning texnik holatini tekshirish;
  • bino va inshootlarning yuk koʻtaruvchi konstruksiyalarini tiklash va mustahkamlash loyihalarini ishlab chiqish;
  • zilzilaga chidamli binolarni qurish sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari, shu jumladan loyiha-qidiruv ishlarini amalga oshiradi.

Sotish jarayoni toʻgʻrisida:

Sotish jarayoni barcha manfaatdor tomonlar (keyingi oʻrinlarda – Ishtirokchilar) uchun ochiq boʻlgan muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish usuli asosida tashkil etiladi.

Savdo jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi, jumladan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Express of interest) hamda Majburiyatga ega boʻlgan taklif (BO) taqdim etish bosqichlari, yakuniy bosqichda talabgorlar tomonidan taklif etiladigan qatʼiy narx taklifining kamida 1 foizini kafolatli toʻlov sifatida amalga oshirilishi belgilanadi.

Sotuv jarayonining joriy bosqichini amalga oshirish toʻgʻrisida:

Ishtirokchilardan quyidagi maʼlumotlar bilan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalarini (Express of interest) taqdim etishlari soʻraladi:

  1. Ishtirokchi toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot (shu jumladan, STIR, faoliyat turi);
  2. Ishtirokchi ustav kapitalida 5 foizdan ortiq ulushi mavjud aksiyadorlar/taʼsischilar (egalik ulushi koʻrsatilgan holda) va yakuniy benefitsiarlar toʻgʻrisida maʼlumotlar;
  3. Oxirgi 3 yilgi faoliyati boʻyicha moliyaviy hisoboti.

Talabgorlar qiziqish bildirishi toʻgʻrisidagi arizalarini xohishlariga koʻra oʻzbek, rus yoki ingliz tillarida tayyorlab 2024-yil 22-avgust soat 18:00ga (Toshkent vaqti bilan) qadar almo@abraucapital.com elektron pochta manziliga yuborishlari lozim.

Ushbu savdo bosqichi doirasida, Konsultant tomonidan potensial investorlarni jalb qilish maqsadida investitsiya tizerlarini tarqatish ishlari amalga oshiriladi.

Qabul qilingan arizalar quyidagi mezonlar boʻyicha saralanadi:

  • Aktivni sotib olishi uchun moliyaviy resurslarini yetarliligi;
  • xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi;
  • Oʻzbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga rioya etilishi;
  • Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning aksiyadorlari/ishtirokchilarining hech biri davlat kompaniyasi yoki ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan kompaniya boʻlmasligi kerak;
  • Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmagan boʻlishi lozim. Shu bilan birga, ariza topshirilgan sanada talabgorlar sanksiyalangan shaxs/(lar) yoki yuqorida aytib oʻtilgan sanksiya organlari tomonidan har qanday ish yoki tergov obyekti/(lar) boʻlmasligi kerak. Shuningdek, talabgorlar (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri yuqorida aytib oʻtilgan muassasalar va davlatlarning sanksiyalar rejimiga zid boʻlgan har qanday faoliyatga (toʻgʻridan-toʻgʻri yoki biron bir shoʻba korxonasi orqali) jalb etilmagan boʻlishlari lozim va Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri), shuningdek uning tegishli shaxslaridan birortasining asosiy moliyalashtiruvchi tomonlari yoki kreditorlari sanksiyadagi shaxslar yoki sanksiyadagi shaxslarga tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan egalik va nazorat qilinadigan banklar yoki moliya institutlari boʻlmasligi lozim.

Arizalarni qabul qilish tugallangandan soʻng, Konsultant tomonidan ishtirokchilarga tegishli xat (Process Letter) orqali keyingi jarayonni tashkil etish toʻgʻrisida individual ravishda xabardor qilinadi.

Ushbu loyiha doirasida qoʻshimcha maʼlumotlar uchun quyidagi aloqa kanallariga murojaat qiling:

  • Olimjon Alimov, “Abrau Capital” kompaniyasi direktori: almo@abraucapital.com, tel. +998(97) 783-75-27;
  • Talat Samandarov, Davaktiv agentligi Boshqarma boshligʻi: tender@davaktiv.uz, tel. +998(71)259-20-67.

Davlat aktivini kelgusidagi faoliyatiga qoʻyiladigan shartlar:

Davlat aktivi xaridori Jamiyatning asosiy faoliyat turini 5 (besh) yildan kam bo‘lmagan muddatda saqlab qolish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

Oʻz navbatida, Majburiyatga ega boʻlgan taklif (BO) bosqichiga muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar bilan, majburiyatga ega boʻlgan takliflarni taqdim etishlaridan avval, Aktivni sotib olish boʻyicha asosiy shartlar aks ettirilgan Kelishuv imzolanadi.

Sotish jarayonining kelgusi bosqichlari toʻgʻrisida:

Majburiyatga ega boʻlgan taklif (BO) takliflarni qabul qilish bosqichiga oʻtgan talabgorlar bilan Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA) imzolanadi hamda Konsultant tomonidan tayyorlangan Aktiv faoliyati toʻgʻrisida maʼlumot va tahliliy maʼlumotlar (Due-diligence) bilan tanishish uchun virtual maʼlumotlar xonasiga (VDR) kirish, Aktivga tashrif buyurgan holda uning boshqaruv organiga savollar berish imkoniyati yaratiladi.

Davaktiv agentligi xususiylashtirish jarayonlarining har bir bosqichi toʻgʻrisida jamoatchilikni qoʻshimcha tarzda xabardor qilib borilishini taʼminlaydi. 

5686 Chop etish